CallHub24Yordam markazi
Bosh sahifa/Android ilova

Qo'ng'iroqlarni yozib olishni yoqish

Qo'ng'iroq yozuvlari kabinetga tushishi uchun xodim telefonida qo'ng'iroqlarni avtomatik yozib olish yoqilgan bo'lishi kerak. Bu sahifada qanday yoqish, qaysi telefonlar mos kelishi va qaysilarini tavsiya qilishimiz yozilgan.

Yozuv qanday ishlaydi

CallHub24 ilovasi qo'ng'iroqni o'zi yozib olmaydi. Yozuvni telefonning o'z «Telefon» ilovasi saqlaydi, CallHub24 esa:

  1. qo'ng'iroq tugaganini aniqlaydi;
  2. shundan keyingi ~20 soniya ichida telefonda paydo bo'lgan audio faylni topadi;
  3. uni qo'ng'iroqqa biriktirib, kabinetga yuklaydi — Qo'ng'iroqlar ro'yxatida Tinglash tugmasi paydo bo'ladi.

Demak ikkita shart bor:

  • telefonning «Telefon» ilovasida barcha qo'ng'iroqlarni avtomatik yozib olish yoqilgan bo'lishi;
  • yozuv telefon xotirasiga oddiy audio fayl sifatida saqlanishi (boshqa ilovalar o'qiy oladigan joyga).

Google «Telefon» ilovasi mos kelmaydi

Google'ning «Telefon» ilovasi (Pixel, Motorola, Nokia va ko'plab yangi telefonlarda standart) yozuvni o'z yopiq papkasida saqlaydi — boshqa ilovalar, jumladan CallHub24, uni ko'ra olmaydi. Bundan tashqari, yozuv boshlanganda u suhbatdoshga «Qo'ng'iroq yozib olinmoqda» deb ovozli ogohlantiradi. Shuning uchun bunday telefonlarda yozuvlar kabinetga tushmaydi.

Telefoningiz mosligini 1 daqiqada tekshirish

  1. Telefonning «Telefon» (qo'ng'iroqlar) ilovasini oching.
  2. Yuqori o'ng burchakdagi ⋮ yoki Sozlamalar ga kiring.
  3. «Qo'ng'iroqlarni yozib olish» / «Запись вызовов» / «Call recording» bandini qidiring.
  4. Ichida «Avtomatik yozib olish» / «Записывать вызовы автоматически» — Barcha qo'ng'iroqlar variantini tanlang.

Agar bunday band bo'lmasa yoki faqat qo'ng'iroq paytida qo'lda bosiladigan tugma bo'lsa — pastdagi brendlar jadvali va Mintaqani o'zgartirish bo'limini ko'ring.

Telefonning qaysi «Telefon» ilovasi ekanini qanday bilish mumkin

Ilova belgisi ko'k fonda oq go'shak va sozlamalarida «Google» yozuvi bo'lsa — bu Google «Telefon» ilovasi. Ishlab chiqaruvchining o'z ilovasi odatda telefon brendi uslubida bo'ladi va sozlamalarida «Запись вызовов» bandi turadi.

Brendlar bo'yicha moslik

BrendAvtomatik yozuvCallHub24 bilanIzoh
Samsung (Galaxy A, M, S)Bor✅ MosO'zbekistonda sotilgan modellarda o'z ilovasi bor — eng ishonchli variant. Yozuv bandi bo'lmasa — SamFw Tool (pastda)
Infinix, Tecno, itelBor✅ MosFayllarga to'liq ruxsat ni yoqing (Ruxsatlar va fonda ishlash)
Vivo, iQOOBor✅ MosO'z «Telefon» ilovasida
HonorKo'p modellarda bor⚠️ TekshiringModel va proshivkaga bog'liq
Xiaomi, Redmi, POCOModel va mintaqaga bog'liq⚠️ TekshiringKo'p yangi modellarda standart — Google «Telefon»; ayrimlarida mintaqani o'zgartirish yordam beradi
Realme, Oppo, OnePlusModel va mintaqaga bog'liq⚠️ TekshiringAyrim modellarda Google «Telefon» o'rnatilgan
HuaweiKo'p modellarda yo'q⚠️ TekshiringBa'zi mintaqalarda funksiya olib tashlangan
Google Pixel, Motorola, Nokia, SonyFaqat Google «Telefon»❌ Mos emasYozuv yopiq papkada va suhbatdoshga ogohlantirish aytiladi
iPhoneYo'q❌ Mos emasCallHub24 faqat Android'da ishlaydi

Nega «Tekshiring»

Bir brendning turli modellari, hatto bir model turli mamlakat uchun chiqarilganda ham, «Telefon» ilovasi farq qilishi mumkin. Shuning uchun xodim telefonini yuqoridagi 1 daqiqalik tekshiruvdan o'tkazing va pastdagi sinov qo'ng'iroqni bajaring.

Brend bo'yicha yoqish

Samsung

Telefon ilovasi → ⋮ → Sozlamalar → Qo'ng'iroqlarni yozib olish (Запись вызовов) → Qo'ng'iroqlarni avtomatik yozib olish ni yoqing → Barcha qo'ng'iroqlar.

Xiaomi, Redmi, POCO (o'z «Telefon» ilovasi bo'lsa)

Telefon → ⋮ yoki Sozlamalar → Qo'ng'iroqlarni yozib olish → Qo'ng'iroqlarni avtomatik yozib olish → Barcha raqamlar.

Infinix, Tecno, itel

Telefon → ⋮ → Sozlamalar → Qo'ng'iroqlarni yozib olish → Avtomatik yozib olish → Barcha qo'ng'iroqlar. So'ng CallHub24 ilovasida Sozlamalar → Yozuvlarni topish → Yoqish — fayllarga to'liq ruxsat bering.

Vivo, iQOO

Telefon → Sozlamalar (yoki telefon Sozlamalari → Ilovalar → Telefon) → Qo'ng'iroqlarni yozib olish → Barcha qo'ng'iroqlarni avtomatik yozib olish.

Realme, Oppo, OnePlus (o'z «Telefon» ilovasi bo'lsa)

Telefon → ⋮ → Sozlamalar → Qo'ng'iroqlarni yozib olish → Barcha qo'ng'iroqlarni avtomatik yozib olish.

Menyu nomlari biroz farq qilishi mumkin

Proshivka versiyasiga qarab band nomlari va joylashuvi o'zgaradi. Topa olmasangiz, telefon Sozlamalaridagi qidiruvga «запись» yoki «record» deb yozing.

Mintaqani o'zgartirish orqali yoqish

Ba'zi ishlab chiqaruvchilar qo'ng'iroq yozish funksiyasini telefon sozlamalaridagi mintaqa (region) ga qarab yashiradi yoki ko'rsatadi. Shunday telefonlarda mintaqani yozuv ruxsat etilgan mamlakatga o'zgartirish funksiyani qaytaradi.

Qaysi telefonlarda sinab ko'rish mumkin: asosan Xiaomi, Redmi, POCO va Realme, Oppo ning ayrim modellarida — o'z «Telefon» ilovasi bor, lekin yozuv bandi ko'rinmagan holatda.

  1. Telefon Sozlamalar → Qo'shimcha sozlamalar (yoki Tizim) → Mintaqa (Регион) ni oching.
  2. Yozuv ruxsat etilgan mamlakatni tanlang (ko'pincha Hindiston / India ishlaydi).
  3. Telefonni qayta yoqing.
  4. «Telefon» ilovasi sozlamalarida Qo'ng'iroqlarni yozib olish paydo bo'lganini tekshiring va avtomatik yozib olish — barcha qo'ng'iroqlar ni yoqing.

Mintaqani o'zgartirishdan oldin bilib qo'ying

- Mintaqa o'zgarganda sana, valyuta va o'lchov birliklari formati o'zgarishi mumkin — vaqt mintaqasi (Toshkent) va til ni tekshirib qo'ying.

- Bu usul har bir modelda kafolatlanmaydi va tizim yangilanishidan keyin qaytib ketishi mumkin — yangilanishdan so'ng sinov qo'ng'iroq bilan qayta tekshiring.

- Agar telefonda faqat Google «Telefon» ilovasi bo'lsa, mintaqani o'zgartirish yordam bermaydi: yozuv baribir yopiq papkada saqlanadi.

Samsung: SamFw Tool orqali yozuvni yoqish

Ba'zi Samsung telefonlarda (masalan, boshqa mamlakat uchun chiqarilgan yoki yozuv o'chirilgan mintaqa kodi — CSC — bilan kelgan modellarda) «Telefon» ilovasida Qo'ng'iroqlarni yozib olish bandi bo'lmaydi. Bunday holatda kompyuterdagi SamFw Tool dasturi bilan telefonning mintaqa kodini yozuv ruxsat etilgan mamlakat kodiga o'zgartirish mumkin — shundan keyin Samsung'ning o'z yozuvi qaytadi.

Boshlashdan oldin albatta o'qing

- SamFw Tool — norasmiy dastur, Samsung mintaqa kodini o'zgartirishni tavsiya qilmaydi. Barcha amallar o'z javobgarligingizda.

- Ayrim hollarda mintaqa kodi o'zgarganda telefon zavod sozlamalariga qaytishi mumkin — avval barcha ma'lumotlarning zaxira nusxasini oling (rasmlar, kontaktlar, WhatsApp/Telegram).

- O'zgarish SIM-karta almashtirilganda yoki katta tizim yangilanishidan keyin qaytib ketishi mumkin. Ba'zi foydalanuvchilarda One UI 7 da usul yordam bermagan.

- Yangi mintaqada Samsung Pay yoki ba'zi soat funksiyalari ishlamasligi mumkin.

- Imkon bo'lsa, buni tajribali texnik mutaxassis bajarsin.

Nima kerak

  • Windows kompyuter va telefonning USB kabeli;
  • kompyuterda Samsung USB drayveri;
  • SamFw Tool — faqat dasturning rasmiy saytidan (samfw.com) yuklab oling, noma'lum saytlardan emas;
  • telefon zaryadi kamida 50%, ma'lumotlarning zaxira nusxasi.

Qadamlar

  1. Dasturchi rejimini yoqing: telefon Sozlamalar → Telefon haqida → Dastur haqida ma'lumot → Yig'ish raqami (Номер сборки) ga 7 marta bosing.
  2. Sozlamalar → Dasturchi parametrlari (Параметры разработчика) → USB orqali tuzatish (Отладка по USB) ni yoqing.
  3. Telefonda «Telefon» ilovasini oching va *#0*# raqamini tering — sinov menyusi ochiladi. Menyuni yopmang.
  4. Telefonni USB kabel bilan kompyuterga ulang.
  5. Kompyuterda SamFw Tool ni ishga tushiring, ADB yorlig'iga o'ting va Change CSC tugmasini bosing.
  6. Phone Supported CSC ro'yxatini oching va yozuv ruxsat etilgan mintaqa kodini tanlang (pastdagi jadval). Faqat shu ro'yxatda bor koddan tanlang.
  7. Telefonda «USB orqali tuzatishga ruxsat berasizmi?» degan so'rov chiqadi — Ruxsat berish ni bosing.
  8. Change ni bosing va kuting — telefon bir necha daqiqada o'zi qayta yonadi.
  9. Telefon yongach, Telefon → ⋮ → Sozlamalar da Qo'ng'iroqlarni yozib olish paydo bo'lganini tekshiring, avtomatik yozib olish — barcha qo'ng'iroqlar ni yoqing.
  10. Dasturchi parametrlari → USB orqali tuzatish ni qayta o'chirib qo'ying va pastdagi Sinov qo'ng'iroq ni bajaring.

Telefon ulanmayapti

Ba'zi modellarda *#0*# o'rniga *#0808# kodi ishlatiladi: ochilgan menyuda MTP + ADB ni tanlang, so'ng 4-qadamdan davom eting.

Qaysi mintaqa kodini tanlash

KodMamlakatIzoh
SEKUkrainaYozuv bor; Samsung Pay yo'q, soat funksiyalari saqlanadi
INS / INUHindistonYozuv va Samsung Pay bor; ba'zi soat funksiyalari ishlamasligi mumkin
ILOIsroilYozuv bor, cheklovlar kam; Samsung Pay yo'q
XXVVyetnamYozuv va Samsung Pay bor
THLTailandYozuv va Samsung Pay bor

Ro'yxatda faqat telefoningiz qo'llab-quvvatlaydigan kodlar chiqadi — yuqoridagilardan birortasi bo'lmasa, mos kod yo'q va bu usul shu telefon uchun ishlamaydi.

Qaysi telefonlarni tavsiya qilamiz

Xodimlar uchun yangi telefon olayotgan bo'lsangiz:

  1. Samsung Galaxy A va M seriyalari — o'z «Telefon» ilovasida avtomatik yozuv bor, sozlash oson, barqaror ishlaydi. Eng ko'p tavsiya qilamiz.
  2. Infinix va Tecno — arzon narxdagi ishonchli variant; fayllarga to'liq ruxsat berish kerak.
  3. Vivo — o'z «Telefon» ilovasida avtomatik yozuv bor.

Sotib olishdan oldin do'konning o'zida tekshirib ko'ring: «Telefon» ilovasi sozlamalarida «Запись вызовов → автоматически» bandi bo'lishi kerak.

Tavsiya qilmaymiz: Google Pixel, Motorola, Nokia, Sony va faqat Google «Telefon» ilovasi bo'lgan boshqa telefonlar — ularda yozuvlar kabinetga tushmaydi.

Sinov qo'ng'iroq

Sozlagandan keyin albatta tekshiring:

  1. Xodim telefonidan biror raqamga qo'ng'iroq qiling va kamida 10 soniya gaplashing.
  2. Qo'ng'iroqni tugating va 1 daqiqa kuting.
  3. Admin panel → Qo'ng'iroqlar da shu qo'ng'iroq qatorida Tinglash tugmasi paydo bo'lishi kerak — bosib, ovoz eshitilishini tekshiring.

Tugma chiqmasa:

  • «Telefon» ilovasida avtomatik yozuv haqiqatan barcha qo'ng'iroqlar uchun yoqilganmi;
  • CallHub24 ilovasida Sozlamalar → Yozuvlarni topish — Yoqilgan holatidami;
  • telefonda internet bormi (yozuv internet qaytgach yuklanadi — bosh ekrandagi Navbatda soni);
  • hal bo'lmasa, ilova jurnalini texnik yordamga yuboring — Muammolarni hal qilish.

Mijozlarni ogohlantirish

Qo'ng'iroqlar yozib olinishi haqida mijozlarni oldindan xabardor qilish yaxshi amaliyot hisoblanadi (masalan, saytingizda yoki ommaviy oferta shartlarida).

Javob topmadingizmi?

Texnik yordam bilan bog'laning — kabinetdagi «Texnik yordam» tugmasi yoki Telegram orqali.

Telegram orqali yozish